R. Shuman. Musiqachilar uchun hayotiy qoidalar
(yoki qanday qilib professional bo‘lish mumkin).
Buyuk nemis romantik kompozitori Robert Shumanning eng mashhur asarlaridan biri bo‘lgan "O‘spirinlar uchun albom" yaratilganiga 150 yildan oshdi. "O‘spirinlar uchun albom"ning yaratilishi tarixi Shumanning shaxsiy, otalik musiqiy-tarbiyaviy tajribasi bilan chambarchas bog‘liq. Nota materialidan tashqari asar qo‘lyozmasi o‘z ichiga yosh musiqachilarga qisqa aforizm shaklidagi nasihatlarni olgan bo‘lib, bular Shumanning badiiy-tarbiyaviy dunyoqarashini ochib beradi. Quyida R. Shumanning “Musiqachilar uchun hayotiy qoidalar”idan namunalar keltirilgan.
Eshitish qobiliyatini rivojlantirish - bu eng muhimdir. Yoshligingdan tonlar va ladlarni farqlashga harakat qil. Qo‘ng‘iroq, oyna romi, kakku - eshit, ular qanday tovush chiqaradi.
Qunt bilan gammalar va barmoqlar uchun boshqa mashqlarni ijro et. Lekin ko‘p odamlar borki, bu bilan barchasiga erishiladi deb o‘ylashadi va to qarigunlaricha ko‘plab soatlarini texnik mashqlar ustida o‘tkazishadi. Bu taxminan har kuni alifboni ovoz chiqarib o‘qish va buni yanada tezroq va tezroq bajarishga harakat qilish deganiday. O‘z vaqtingni foydali narsalarga ketkaz.
Bir maromda ijro et! Ba’zi virtuozlarning chalishi mast odamning yurishiga o‘xshaydi. Ulardan o‘rnak olma.
Klavishlarni hech qachon taqillatma. Ma’noli ijro et va asarning yarmida to‘xtama.
Cho‘zish va shoshish - bir xil katta xatoliklardir. Yengil asarlarni yaxshi va ifodali ijro etishga harakat qil; bu qiyin asarlarni o‘rtacha ijro etgandan yaxshi.
Asarni nafaqat barmoqlar bilan ijro eta bilish, balki uni musiqa cholg‘usi yordamisiz o‘zingcha xirgoi qila olishing zarur. Tasavvuringni shunchalik kuchaytirginki, xotirangda nafaqat kuy ohangini, balki unga hamroxlik qiladigan garmoniyani ham eslab qol.
Har doim shunday ijro etginki, xuddi seni buyuk rassom tinglayapti. Sen musiqa asbobini ijro etayotganingda kimdir seni tinglayotganidan xavotir olma.
Sen yomon asarlarni ijro etishing ham, eshitishing ham kerak emas, agar seni bunga majburlamayotgan bo‘lishsa.
Yarqiratib ijro etishga intilma. Shunga harakat qilginki, musiqa eshituvchiga muallif nazarda tutgan darajada ta’sir qilsin. Bundan oshig‘i - buzib ko‘rsatishdir.
Bosqichma-bosqich buyuk kompozitorlarning asarlari bilan tanishib bor.
Hech qachon duet, trio va shu kabilar kabi birgalikda ijro etishda ishtirok etish imkoniyatini boy berma. Bu sen uchun juda katta tajriba bo‘ladi. Tez-tez qo‘shiq ijrochilariga jo‘rnavozlik qil.
Hamma birinchi skripka partiyasini ijro etishni xohlashganida edi, orkestrni shakllantirib bo‘lmas edi. Shuning uchun har bir musiqachini uning o‘rnida hurmat qil.
O‘z musiqa cholg‘u asbobingni yaxshi ko‘r, lekin juda oshirib yuborib uni yagona deb o‘ylama. Esingda saqla, boshqa va xuddi shunday go‘zal cholg‘u asboblari mavjud. Qo‘shiqchilar borligini ham esla; esingdan chiqmasin - musiqaning eng baland cho‘qqisi o‘z aksini xor va orkestrda topadi.
Katta ustalarning, ayniqsa I. S. Baxning fugalarini g‘ayrat bilan ijro et. I. S. Baxning "Yaxshi temperatsiyalashgan klavir" asarlari sen uchun eng muhim asarlardan biri bo‘lishi lozim. Shunda sen shak-shubhasiz puxta musiqachi bo‘lasan.
O‘z o‘rtoqlaring ichidan sendan ko‘p biladiganlarni qidir.
