Piskent tumani, Oybek nomli MFY, Bobur ko‘chasi
Tel.: +998 70-54-51-229Joriy yilning 8-may kuni Piskent tumani 30-sonli musiqa va san’at maktabining fortepiano ijrochiligi hamda estrada cholg‘u ijrochiligi (fortepiano) bo‘limi 2025–2026 o‘quv yili bitiruvchilarining mutaxassislik fanidan davlat imtihoni bo‘lib o‘tdi. Mazkur imtihonda bitiruvchi o‘quvchilar ko‘p yillik ta’lim jarayonida egallagan ijrochilik mahorati va musiqiy savodxonliklarini namoyish etdilar.
Davlat imtihoni davomida o‘quvchilar jahon va o‘zbek kompozitorlarining turli janrdagi asarlarini ijro etib, texnik mahorat, badiiy talqin, sahna madaniyati hamda musiqiy his-tuyg‘ularni yetkazib berish borasidagi ko‘nikmalarini ko‘rsatdilar. Har bir chiqish puxta tayyorgarlik asosida tashkil etilib, hakamlar hay’ati tomonidan munosib baholandi.
Ayniqsa, estrada cholg‘u ijrochiligi yo‘nalishidagi o‘quvchilarning zamonaviy uslubdagi chiqishlari, erkin ijro mahorati va sahnadagi faolligi tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Fortepiano bo‘limi bitiruvchilari esa murakkab musiqiy asarlarni mahorat bilan ijro etib, o‘z iste’dod va mehnatlarini yana bir bor namoyon etdilar.
Imtihon yakunida ustozlar tomonidan bitiruvchilarning yillar davomida erishgan natijalari e’tirof etilib, ularga kelgusidagi ijodiy faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilandi. Mazkur davlat imtihoni yosh ijrochilarning professional san’at yo‘lidagi muhim bosqichlaridan biri bo‘lib xizmat qildi.





